TOShKENT, 15 dek - Sputnik. Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaati yuzasidan Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi, deb xabar bermoqda O‘zA O‘zbekiston prezidenti Xalq qabulxonasida rasmiy bayonotiga tayangan holda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 11-dekabr kunidan buyon internet tarmog‘i orqali Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov tomonidan tarqatilgan videomurojaatlarda Buxoro shahridagi markaziy yopiq bozorni minglab tadbirkorlarni qon qaqshatib buzilgani va qurilish jarayonidagi jinoyatlar haqida gapirgan. Amerikalik investor deya atalgan tadbirkorlar aslida mahalliy tadbirkorlar ekani ma’lum qilingan. Shuningdek, bu ishlarda Bosh prokuroratura ayrim xodimlari tomonidan qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi ma’lum qilingan.
"J.Fozilovning vajlarini sinchkovlik bilan har tomonlama va xolisona tekshirish hamda holatga baho berish maqsadida joriy yil 14-dekabr kuni Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi", - deyiladi O‘zbekiston prezidentining xalq qabulxonasi tomonidan taqdim etilgan va O‘zA tomonidan tarqatilgan rasmiy bayonot matnida.
Ta’kidlanishicha, komissiya tarkibiga O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi, Oliy majlis senati, Prezident huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, shuningdek O‘zbekiston prezidentining Buxoro viloyatidagi xalq qabulxonasining mas’ul xodimlari kiritildi.
Komissiya murojaatda keltirilgan qonunbuzarlik holatlarini joyiga chiqqan holda, J.Fozilovning barcha vajlarini bevosita o‘zining ishtirokida chuqur va xolisona o‘rganilishini tashkil etadi. Tekshirish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda xabar beriladi, deb qo‘shimcha qilingan xabarda.