TOShKENT, 4 dek - Sputnik. Fuqarolarni qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Rossiyasining yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlari bilan hamkorlik bitimi imzolandi, deb xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini migratsiya va mehnat to‘g‘risidagi qonun buzilishi bilan bog‘liq masalalarda huquqiy himoya qilish bo‘yicha yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida joriy yilning 8-sentabridan 15-oktabr kuniga qadar ochiq tanlov o‘tkazildi.
Tanlov hujjatlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini quyidagi hollarda huquqiy himoya qilish ko‘zda tutilgan:
- mehnatga haq to‘lash tartibi bo‘yicha - ish beruvchi tomonidan hujjat bilan tasdiqlangan qarzdorliklarni undirishga oid da’volarni sudgacha bo‘lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish;
- mehnat majburiyatlarini bajarish vaqtida mehnat migrantining sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi tomonidan moddiy va ma’naviy zararlarni qoplashga oid da’volarni sudgacha bo‘lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish masalalari;
- ishchining mehnat vazifalarini bajarish jarayonida vafot etganligi natijasida yetkazilgan zararni qoplash yoki mehnat vazifalarini bajarishda sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun moddiy to‘lovlarni undirish yuzasidan sug‘urta polisi yoki Rossiya Federatsiyasi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sug‘urta to‘lovlariga oid da’volarni sudgacha bo‘lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish masalalari;
Rossiya Federatsiyasidan ma’muriy chiqarib yuborish to‘g‘risida noqonuniy qabul qilingan sud qarorlarini bekor qilish yuzasidan appelyatsiya va kassatsiya tartibida shikoyat kiritish borasidagi yuridik harakatlar.
Bugungi kunda yuqorida ko‘rsatilgan hollarda fuqarolarni qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Rossiya Federatsiyasida yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan Agentlik o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Mazkur bitimga ko‘ra, yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarga haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.