TOShKENT, 3 dek — Sputnik. 27 sentabrdan 10-noyabrga qadar Tog‘li Qorabog‘da davom etgan jangovar harakatlar davomida Ozarbayjon Qurolli kuchlarining 2 783 nafar harbiy xizmatchilari halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar qilmoqda.
“Vatan urushida Qurolli kuchlarimizning 2783 nafar harbiy xizmatchilari halok bo‘ldi. 103 nafar harbiy xizmatchining shaxsi DNK tahlili usulida aniqlanmoqda”, - deyilgan xabarda.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 100 nafardan ziyod kishi bedarak yo‘qolgan. Ularni joyini aniqlash va oilalariga berish choralari ko‘rilmoqda.
“Hozirda tibbiyot muassasalarida 1245 nafar harbiy xizmatchilarimiz davolanmoqda”, - deya qo‘shimcha qilgan Ozarbayjon Mudofaa vazirligi.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida oxirida yana boshlangan Tog‘li Qorabog‘ mojarosi Rossiya, Ozarbayjon va Armanistonning uch tomonlama kelishuviga asosan 10-noyabrda to‘xtatilgan edi. Shundan so‘ng hududga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritilgan va kelishilgan holda Agdam, Kelbajar va Lochin hududlari Ozarbayjon ixtiyoriga berilgan edi.