TOShKENT, 1 dek – Sputnik. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Fransiya parlamentiga ushbu mamlakatda yashayotgan armanlarga Marsel shahrini berishni va u yerda ular uchun alohida davlat “tashkil qilishni” taklif qildi.
“Bu yerdan bir necha ming kilometr masofada joylashgan davlat qandaydir qonunlar qabul qilishga, parlamentda ushbu masalani muhokama qilishga nima haqqi bor? Fransiya necha yildan buyon Minsk guruhiga rais bo‘ldi? Ushbu muammoni hal qilish uchun o‘zi biror amaliy ish qilganmi? Endi esa, masala hal bo‘lganidan keyin, nima bo‘layapti? Fransiya Senati Tog‘li Qorabog‘ tan olingani haqida rezolyutsiya qabul qilayapti. Agar ular sizlarga shunchalik ma’qul bo‘lsa, men urush vaqtida ham aytganman, ularga Marsel shahrini bering. Uning nomining o‘zgartiring, u yerda ikkinchi davlat tashkil qiling. Lekin bizning ishimizga aralashmang”, - dedi Aliyev o‘z xalqiga bo‘lgan murojaatida.
Aliyev aytishiga qaraganda “Tog‘li Qorabog‘ mojarosi” termini - o‘tmishda qolgan. Eni bu iborani faqat o‘tmish haqida gapirganda ishlatish mumkin, dedi Ozarbayjon prezidenti.
Biroz oldin Fransiya senati o‘z hukumatiga talabnoma yuborgan edi. Unda Fransiya tomonidan Tog‘li Qorabog‘ni tan olish va Ozarbayjon qo‘shinlarini hududdan olib chiqish talabi qo‘yilgan. Fransiya TIV kotibi Jan-Batist Lemuan esa matbuot anjumani davomida TQRni Fransiya tomonidan bir tomonlama tan olinishi – hech kimga foyda keltirmasligini va tinchilk o‘rnatishga xalal berishini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi Rossiya, Ozarbayjon va Armanistonning uch tomonlama kelishuviga asosan 10-noyabrda to‘xtatilgan edi. Shundan so‘ng hududga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritilgan va kelishilgan holda Agdam, Kelbadjar va Lachin hududlari Ozarbayjon ixtiyoriga berilgan edi.