TOShKENT, 28 noya - Sputnik. Respublika maxsus komissiyasi qaroriga binoan, 2020-yilning 1-dekabridan O‘zbekistonda elektron sportni yanada rivojlantirish maqsadida kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga ruxsat beriladi, deya xabar bergan Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Bunda kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatida quyidagi sanitariya-epidemiologik qoidalarga qat’iy rioya qilinishi belgilab qo‘yildi:
fuqarolarni alohida, bir-biridan ajratilgan holda stollar oralig‘ida ijtimoiy masofani ta’minlagan holda joylashtirish;
xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi;
har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda mijozlarni obyektga kiritmaslik choralarini ko‘rish;
har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash kabi qator sanitariya talablariga rioya qilinishi belgilab qo‘yildi.