TOShKENT, 12 noya — Sputnik. Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida fuqaroga pichoq bilan og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qilmoqda.
Hodisa Xalqobod qishlog‘idagi choyxona oldida “Labo” avtomashinasi ichida sodir bo‘lgan. 34 yoshli B.D. qarindoshi 41 yoshli Sh.A.ga tegishli choyxonaga borib, shu choyxonada idish yuvuvchi bo‘lib ishlayotgan o‘zining turmush o‘rtog‘i 31 yoshli E.T. va uning ishqiy munosabatlariga aniqlik kiritmoqchi bo‘lgan. Bu o‘zaro janjal va haqorat qilishga aylanib ketgan. Keyin fuqaro avtomashina old oynasi tagida turgan oshxona pichog‘i bilan Sh.A.ning tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.
Shundan so‘ng jabrlanuvchi Sh.A. “Labo” mashinasi bilan tuman markaziy shifoxonasiga borib murojaat qilgan.
Gumon qilinuvchi B.D. G‘uzor tumani hududida ushlangan va unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston JKning 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.