TOShKENT, 10 noya — Sputnik. O‘zbekistonda hukumat qarori bilan bojxona yig‘imlarining yangi stavkalari tasdiqlandi. Yangi stavkalar 2021-yil 1-yanvaridan kuchga kiradi.
DBQ matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yangi stavkalarni belgilashda Jahon savdo tashkiloti talablari inobatga olingan.
Ayni vaqtda amalda bo‘lgan bojxona yig‘imlari stavkalari Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi “Bojxona yig‘imlari stavkalari to‘g‘risida” 204-son qarori bilan belgilangan bo‘lib, u o‘z ichiga 19 ta bojxona yig‘imlari turlari olgan edi.
Bojxona yig‘imlari stavkalarining aksariyati foizda belgilangan bo‘lib, Jahon savdo tashkilotining (JST) Savdo jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim talablariga muvofiq emas. Jahon savdo tashkilotining Savdo jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim talablariga muvofiqlashtirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining “Bojxona yig‘imlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bojxona yig‘imlari stavkalari JST va boshqa xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda belgilangan.
Bundan tashqari stavkalarni belgilashda JST va Jahon bojxona tashkilotining asosiy talablaridan biri, ya’ni bojxona yig‘imlari faqatgina bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun sarflanadigan xarajatlarni qoplash asosida belgilanishi lozimligi inobatga olingan.
Qaror bilan:
• bojxona yig‘imlari stavkalari turi 20 tadan 12 taga qisqartirilmoqda (3 turdagi bojxona stavkasi biriktirilmoqda, 11 turdagisi bekor qilinmoqda);
• barcha bojxona yig‘imi stavkalari bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan holda qat’iy belgilanmoqda;
• eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tovarlarni “eksport” bojxona rejimida rasmiylashtirish uchun yig‘im miqdori o‘rtacha 35 foizga pasaytirilmoqda;
(Masalan, eski tartibda 1 mln dollar miqdoridagi tovarning eksport bojxona yig‘imi 10 mln so‘mni (bir ming dollar), yangi stavkalarda yig‘im miqdori 5,6 mln so‘mni (560 dollar) tashkil qilgan holda eksportor tadbirkorlarga bir yilda 27 milliard so‘m yengillik yaratilishi kutilmoqda.)
• bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish meyoridan ortiq qismini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun belgilangan bojxona yig‘imlari stavkalari kamaytirilmoqda;
(Masalan, eski tartib bo‘yicha jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan tovarlarning meyordan oshgan qismiga 0,2 foiz (ammo 25 dollardan kam bo‘lmagan) miqdorida bojxona yig‘imi undirilgan.
Xususan, jismoniy shaxslar tomonidan temir yo‘l orqali shaxsiy ehtiyoji uchun 1 200 AQSh dollari miqdoridagi tovar olib kirilganda, uning bojxona to‘lovlariga tortiladigan 200 dollar qismi uchun 25 dollar (12,5 foiz), yangi tartib bo‘yicha esa 5,5 dollar (BHMning 25 foizi) miqdorida yig‘im undiriladi.)
• bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni yetkazib berish muddatiga rioya qilmaslik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rniga moliyaviy chora sifatida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida bojxona yig‘imi joriy etilmoqda.