TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Qashqadaryodagi GTL zavodida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan jinoiy ish ochildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, zavodda tartibsizlik uyushtirganlarga nisbatan viloyat O‘zbekiston JKning 173-moddasi 2-qismi “v” bandi (ko‘p miqdordagi mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) va 277-moddasi 2-qismi “b”, “v”, “e” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan; sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab; ko‘p miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilib yoki unga shikast yetkazib sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xabarda yozilishicha, tartibsizliklar paytida ishchilar eshik va deraza romlarining oynalarini tosh va temir jismlar bilan urib sindirgan. Ularni yaroqsiz holatga keltirgan. Xodimlarning xizmat xonalariga kirib 19 turdagi 14 million 320 ming so‘mlik kuzatuv kameralari, 9 dona har xil turdagi 4 million 365 ming so‘mlik yozuv stollari, 27 million 777 ming so‘mlik konditsionerga, korxonaning umumiy hisobda 480 million so‘mlik mol-mulkiga shikast yetkazgan.
Korxonaning videokuzatuv kameralaridagi videolar ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador bo‘lgan ishchilar jinoyat ishi doirasida guvoh tariqasida so‘roq qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 21-oktabr kuni “Enter Engineering” kompaniyasining viloyatning G‘uzor tumanidagi obyektlaridan biridagi ishchilar tartibsizlik uyushtirgani xabar qilingan edi. Bunga ishchilar noroziligiga nonushta o‘z vaqtida berilmagani va ish tartibi sabab bo‘lgani ma’lum qilindi. Keyinroq Energetika vazirligi Uzbekistan GTL’dagi vaziyat barqarorlashganini, barcha muammo va masalalar joyida ijobiy hal etilgani haqida bayonot berdi.