TOShKENT, 22 okt - Sputnik. Qashqadaryo viloyatidagi “Uzbekistan GTL” korxonasida vaziyat barqarorlashdi, ishchilar o‘z ish o‘rinlariga qaytishdi, deb xabar qilmoqda Energetika vazirligi.
"Ertalab soat 9:00 dan boshlab qurilish maydonida vaziyat barqarorlashdi va ommaviy tartibsizlik to‘xtatildi. Hozirda “Uzbekistan GTL” mutaxassislari tomonidan qurilish maydonchasidagi buzilishlar va keltirilgan zararlar miqdori tekshirilib, tizimdagi nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, texnik xodimlar ishchi guruhi monoblok tizimidagi nosozlikni tuzatmoqda", - deyilgan rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 21-oktabr kuni Enter Engineering kompaniyasi ishchilari Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi obyektlaridan birida ishchi-xodimlar tomonidan norozilik uyushtirilib kompaniya mulkiga zarar yetkazilgan.Bunga ishchilar ertalab soat 7:30da texnik nosozlik tufayli oshxonaga kira olmaganligi sabab bo‘lgan.
Ishchilarning noroziligi bosh pudratchilar (Enter Engineering, Hyundai Engineering) shu jumladan Buyurtmachi (Uzbekistan GTL) ofis binolarining deraza oynalari, ofis jihozlarini sindirish, shuningdek, boshqa vaqtinchalik bino va inshootlar (oshxona, omborlar, nazorat punktlari va boshqalar) buzilishiga olib keldi, deyilgan vazirlik xabarida.