TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Atoqli islomshunos olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov 80 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar qildi.
Olim 1940-yil 23-fevralda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tug‘ilgan. 1958-1969 yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini arab filologiyasi mutaxassisligi bo‘yicha tugatib, o‘z mehnat faoliyatini ushbu dargohda o‘qituvchilikdan boshlagan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Uvatov O‘zbekiston prezidenti devonida bo‘lim mudiri, Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, shuningdek, Amir Temur jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat ko‘rsatgan.
Professor Uvatovning mamlakat ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib baholangan. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni hamda “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.