TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 174 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 66 628 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining: 51 nafari Toshkent shahrida, 15 nafari Sirdaryo viloyatida, 13 nafari Andijon viloyatida, 7 nafari Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Sog‘ayish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 151 nafar bemor tuzaldi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 63 864 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foiz.
Ayni paytda 2 201 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida koronavirusga chalingan 2 nafar bemor vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 563 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Shimoliy iqtisodiy hamkorlik forumi
Shavkat Mirziyoyev Shimoliy iqtisodiy hamkorlik xalqaro forumida ishtirok etdi/
O‘zbekiston prezidenti COVID-19'ga qarshi kurashish uchun yaqin muvofiqlashuv va keng xalqaro hamkorlik zarurligini qayd etdi.
Koreya kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilayotgan farmatsevtika klasteri negizida samarali vaksina va zardoblar, kasalliklarni tez va aniq tashxislash tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish taklifi bildirildi.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 45,3 milliondan oshdi, 1,2 million ortiq kishi vafot etdi, 32,9 milliondan ortiq kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (9,2 mln), Hindistonda (8,1 mln), Braziliyada (5,5 mln).