TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Xitoyning Guanchjou shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Saidov Bosh konsulxonaning ochilishi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish, barcha sohalarda amaliy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, eng avvalo, O‘zbekiston viloyatlari va Xitoy janubiy provinsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro tovar almashuv hajmlarini ko‘paytirishga qo‘shimcha turtki berishini qayd etdi.
Yirik sanoat, moliya va transport markazi bo‘lgan Guanchjou shahri mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish, savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari singari va boshqa sohalardagi hamkorlikning mustahkamlanishida juda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Guandun, Fuszan, Xunan, Xaynan provinsiyalari hamda Xitoyning Guansi-Chjuan avtonom tumani ushbu Bosh konsulxona okrugiga kiradi.
Marosim doirasida O‘zbekistonning sarmoyaviy, eksport va sayyohlik salohiyati taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.