TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi sentabrda kuzatilgan inflyatsiya darajasi haqida ma’lumotlarida go‘sht qimmatlashiga sabab bo‘lgan omillarni sanab o‘tdi.
Vazirlik ma’lumotnomasida keltirilgan asosiy sabablar quyidagilar:
- yem-xashak bazasi uchun xom ashyo, xususan, paxta xomashosi, po‘stloq va yem aralashmasi zaxiralarining mavsumiy kamayishi. Bu o‘z navbatida, mazkur mahsulotlarning birja narxlarining mos ravishda 17, 21 va 27 foizga oshishiga olib keldi;
- Qozog‘iston tomonidan o‘rnatilgan eksport cheklovlari tufayli qoramol importini qisqarishi;
- 2020 yilning avgust oyi o‘rtalarida karantin cheklovlarining olib tashlanganidan so‘ng, faoliyatini tiklagan ommaviy ovqatlanish korxonalarining go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabining oshishi.
“Shu bilan birga, 2020-yil yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda 1840 ming tonna (tirik vaznda) go‘sht ishlab chiqarilgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga ko‘proq). Bundan tashqari, 2020-yil yanvar-sentabr oylarida 14 ming tonna mol go‘shti va 20 ming tonna tovuq go‘shti import qilingan”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, sentabr oyida FAO indeksi bo‘yicha go‘sht narxining global konyunkturasi joriy yilning yanvar oyidan buyon kuzatilgan umumiy pasayish tendensiyasini davom ettirib, avgust oyiga nisbatan biroz (0,9 f.b.ga) tushib, o‘rtacha 7,4%ga kamaydi. Yillik hisobda, indeks o‘tgan yilning mos oyidagi qiymatidan 9,5% ga kamaydi.
Vazirlik mamlakatdagi o‘sht mahsulotlari narxining o‘sishi nafaqat tashqi omillar, balki ichki bozorlardagi tartibga solinish mexanizmlarining samarasizligi tufayli yuzaga kelgan deyish mumkinligini qayd etgan.
“Bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarish darajasining kamtarona o‘sishiga qaramasdan, go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishning yetarli darajasini ta’minlash uchun ozuqa bazasining rivojlanmaganligi bilan bog‘liq”, - deyilgan xabarda.