TOShKENT, 17 okt - Sputnik. O‘zbekiston Transport vazirligi bugungi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, jamoat transportida turli yuqumli mavsumiy infeksiyalar tarqalishining oldini olish va yo‘lovchilar salomatligini asrash maqsadida Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob bilan birgalikda tibbiy qo‘lqopda bo‘lish tartibi joriy etilishini ma’lum qiladi.
Shahar jamoat transportidan foydalanganda yo‘lovchilarning sanitariya qoidalari va belgilangan karantin talablariga qat’iy amal qilishlarini ta’minlash maqsadida Transport vazirligining avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilish boshqarmasi inspektorlari va huquq-tartibot idoralari vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi tomonidan transport infratuzilma obyektlari va jamoat transportida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.
Joriy yilning 19-oktabridan e’tiboran shahar jamoat transportidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqobda, shuningdek, tibbiy qo‘lqopda bo‘lishlari qat’iyan talab etiladi.