TOShKENT, 9 okt - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha yangi ish tizimi belgilandi, deb xabar qiladi prezident matbuot-xizmati.
Ma’lumki, O‘zbekistonda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati, ya’ni "temir daftar" tuzilgan edi. Endi xuddi shuningdek har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida "yoshlar daftari" va "ayollar daftari" shakllantiriladi. Bu ro‘yxatlar "temir daftar"dan alohida bo‘ladi. Unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritiladi. Buning natijasida ular bilan tizimli, manzilli ish yo‘lga qo‘yiladi.
Mutasaddilarga ushbu tizimning namunaviy shaklini ishlab chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va har bir viloyatning bittadan shahar va tumanida, ya’ni 28 ta hududda sinovdan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Sektor rahbarlari va mutasaddi idoralar vakillariga har bir mahalladagi holatni o‘rganish, yoshlar va ayollar bilan birma-bir muloqot qilib, ehtiyojlarini, qiziqishlarini aniqlash hamda shu asosda manzilli choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
"Bundan keyin odamlarning uyiga borib, ishga muhtojlarni ishga joylashtirish tizimini yaratishimiz kerak. Endi qaysi joyda rahbarlar uyma-uy yurib, masalalarni hal qilsa, o‘sha joyda vaziyat o‘zgaradi. Eng asosiy maqsad – iqtisodiy barqarorlikdan natijadorlikka o‘tish", – dedi Mirziyoyev.
"Daftar"lar bilan ishlashda nodavlat notijorat tashkilotlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligi qayd etildi. Ular bilan hamkorlikni kengaytirib, jazoni o‘tab qaytganlarning ijtimoiy moslashuvi, yoshlar va ayollarni psixologik qo‘llab-quvvatlash, ularni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish muhimligi aytildi.
Bu ishlarga "Mahalla va oila" ilmiy-tadqiqot instituti, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining salohiyati safarbar etiladi. Bundan tashqari, aholini tadbirkorlikka o‘qitish va mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishdan iborat kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarga yillik 4 foiz stavkada qarz mablag‘lari ajratiladi.
Hokimlarning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari "yoshlar daftari" bo‘yicha, mahalla va oila masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari "ayollar daftari" bo‘yicha mas’ulligi belgilandi.