TOShKENT, 8 okt — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovning qayerdaligi noma’lum. Ichki ishlar vazirligi uni qidirish ishlari bilan shug‘ullanmayapti. Bu haqda vazirlik rahbari vazifasini bajaruvchi Kursan Asanov ma’lum qildi.
“Uning qayerdaligi bizga noma’lum. Biz uni qidirmayapmiz, hozir boshqa ishlar ko‘p. Asosiysi – tartibni ta’minlash”, - dedi u. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlaridan so‘ng vaziyat keskinlashgan edi. Natijalardan norozi bo‘lgan muxolifat partiyalari norozilik namoyishlari o‘tkazish uchun ko‘chalarga chiqishgan. 5-oktabr kuni kechqurun ular parlament binosini va prezident ma’muriyatini egallab olishgan. Shundan so‘ng namoyishchilar Davlat xavfsizlik qo‘mitasidan sobiq prezident Atambayev va yana bir necha kishini ozod qilishgan. Qirg‘iziston MSK bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalarini bekor qilgan.
To‘qnashuvlarda mingdan ortiq kishi jarohatlandi. Bir kishi esa halok bo‘ldi. Qirg‘iziston bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Prezident Sooronbay Jeenbekovning matbuot kotibining ta’kidlashicha, davlat rahbari Bishkekda va vaziyatni nazorat qilmoqda. Jeenbekov bir necha marta muxolifatchilarni muloqotga chaqirgan edi, biroq hozircha hech qanday rasmiy muzokaralar bo‘lmadi.