TOShKENT, 8 okt - Sputnik. Qirg‘iziston parlamentida prezident Sooronbay Jeenbekovga nisbatan impichment jarayoni boshlandi, deb xabar qilmoqda Sputnik Qirg‘iziston.
"Deputatlarning bir qismi impichment uchun imzo chekdi. Bu juda murakkab jarayon, lekin u boshlandi deyish mumkin", - dedi "Ata-Meken" partiyasi deputati Kanibek Imanaliyev.
Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, prezidentni lavozimidan bo‘shatish jarayonini boshlash uchun amaldagi parlament deputatlarining uchdan bir qismidan ko‘pi ovoz berishi kerak. Shundan so‘ng maxsus komissiya qaror qabul qiladi. Uch oy ichida parlamenda ushbu masala ko‘rib chiqiladi va deputatlarning 3/2 qismining ovozi bilan prezident vakolatlari bekor qilinishi mumkin. Ushbu muddat ichida qaror qabul qilinmasa - impichment bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlaridan so‘ng vaziyat keskinlashgan edi. Saylovlarda hukumat tomonidan bo‘lgan partiyalar o‘z ma’muriy resurslaridan keng foydalangani va boshqa partiyalarning parlamentga kirishiga to‘sqinlik qilgani ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng muxolifat partiyalari norozilik namoyishlari o‘tkazish uchun ko‘chalarga chiqishgan. Dushanba kuni kechqurun ular parlament binosini va prezident ma’muriyatini egallab olishgan. Shundan so‘ng namoyishchilar Davlat xavfsizlik qo‘mitasidan sobiq prezident Atambayev va yana bir necha kishini ozod qilishgan. Qirg‘iziston MSQ bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalarini bekor qilgan.