TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 254 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 59 697 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlari - 43 nafari Toshkent shahrida, 39 nafari Toshkent viloyatida, 26 nafari Namangan viloyatida, 10 nafari Andijon viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Sog‘ayish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 295 nafar bemor tuzaldi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 56 460 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 94 foiz.
Ayni paytda 2 745 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida koronavirusga chalingan 3 nafar bemor vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 492 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
“Alpomish” sport majmuasidagi portlash
Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi Alpomish sport majmuasida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan yoki kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, saralash va taqsimlash markazida kislorod balloni yorilishi sodir bo‘ldi. Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini olib borish Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga yuklatildi.
Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 36,0 milliondan oshdi, 1 million 54 mingdan ortiq kishi vafot etdi, 27,2 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (7,7 mln), Hindistonda (6,8 mln), Braziliyada (5,0 mln).