TOShKENT, 6 okt — Sputnik. O‘zbekiston Qirg‘iziston va uchinchi davlatlar fuqarolarining respublikaga kirishini chekladi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston nashri mamlakat Davlat chegara xizmati matbuot xizmati tayangan holda xabar qilmoqda.
Ushbu chora, bugun, 6-oktabrdan boshlab kuchga kirgan.
“Shu bilan birga, O‘zbekiston hududida bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarolari mamlakatni tark etishlari mumkin, Qirg‘izistonda bo‘lgan o‘zbekistonliklar esa O‘zbekistonga kirishlari mumkin”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, yuk tashish esa cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Avvalroq O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegarasi odatdagidek ishlayotgani va vaziyat nazorat ostida ekani xabar qilingan edi.
5 oktabr kuni Bishkekning markaziy Ala-Too maydonida respublika parlamentiga o‘ta olmagan partiyalar tarafdorlarining norozilik namoyishlari boshlandi. O‘sha kuni kechqurun mitingni tarqatishga urinish vaqtida norozilik aksiyasi namoyishchilari va kuch tuzilmalari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi.