TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakatda hokimiyatni noqonuniy egallab olishga urinish sodir etilganini ma’lum qildi.
“O‘tgan kecha ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga urinishdi. Saylov natijalarini bahona qilib, ular jamoat tartibini buzdi. Ular shahar aholisining tinch hayotini buzdi”, - dedi u.
Jeenbekov o‘t ochmaslik yoki qon to‘kmaslik haqida buyruq berganini ta’kidladi.
“Hozircha vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘rdik. Davlatdagi tinchlik, jamiyat barqarorligi har qanday deputatlik mandatidan ham qadrlidir”, - dedi Jeenbekov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga bo‘ysunmagan, shifokorlarni kaltaklagan va binolarga zarar yetkazgan.
Davlat rahbari Markaziy saylov komissiyasiga saylovlardagi qonun buzilishlarini sinchkovlik bilan tekshirishni va agar kerak bo‘lsa, saylov natijalarini bekor qilishni taklif qilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Jeenbekov siyosiy partiyalarga murojaat qilib, o‘z tarafdorlarini tinchlantirishga va ularni o‘zlari yig‘ilgan joylardan olib ketishga chaqirgan.
“Barcha yurtdoshlarimni tinchlikni saqlashga va provokatsion kuchlarning chaqiriqlariga berilmaslikka chaqiraman. Mamlakatimiz tinchligi va jamiyatimiz xavfsizligi eng muhim narsadir”, -dedi siyosatchi.
4 oktabr kuni Qirg‘izistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Dastlabki natijalariga ko‘ra, “Birimdik”, “Mekenim Kirgizstan”, “Kirgizstan” va “Butun Kirgizstan” partiyalari yetarli ovoz to‘play olgan. Qolganlari yetti foizlik baryerdan o‘ta olmagan..
5 oktabr kuni Bishkekning markaziy Ala-Too maydonida respublika parlamentiga o‘ta olmagan partiyalar tarafdorlarining norozilik namoyishlari boshlandi. Ular parlament saylovlari yakunlarini bekor qilishni va takroriy ovoz berish o‘tkazilishi talabini ilgari surdilar. 5-oktabr kuni kechqurun mitingni tarqatishga urinish vaqtida norozilik aksiyasi namoyishchilari va kuch tuzilmalari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. 6-oktabrga o‘tar kechasi miting ishtirokchilari parlament va prezident administratsiyasi joy olgan Oq uy binosiga bostirib kirishdi. So‘ngra davlat xavfsizlik qo‘mitasi tomon yo‘l oldilar.
Ular mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev va uning safdoshlarini qamoqdan ozod qilishga erishdilar. Seshanba kuni ertalab miting qatnashchilari hukumat binosini qo‘lga olishgani ma’lum bo‘ldi.
Mamlakat SSV ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar vaqtida 590 kishi jarohat olgan, bir kishi halok bo‘lgan.