TOShKENT, 5 okt — Sputnik. “Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Hujjatga mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari to‘g‘risidagi nizom ilova qilingan.
“mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari – mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan narkologik, shuningdek umumiy somatik davolash-profilaktika muassasalarining ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari”, - deyilgan hujjatda.
Tibbiy yordam ko‘rsatish punktlarining asosiy vazifalari hisoblanadi: mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni qabul qilish va saqlash; mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish; mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni hushor holatga kelgandan so‘ng chiqarib yuborish.
Hujjatda qayd etilishicha, tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari o‘z zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalariga muvofiq, quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni qabul qilish va saqlash bo‘yicha:
mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni kecha-kunduz qabul qilish va tegishli tartibda ro‘yxatga olish;
b) mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha:
tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga olib kelingan shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga olib kelingan shaxslarda yaqqol og‘ir xastaliklar aniqlangan taqdirda ularni tegishli davolash-profilaktika muassasasiga yuborish;
mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni hushor holatga keltirish hamda ularga tibbiy yordam ko‘rsatish;
v) mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni hushor holatga kelgandan so‘ng chiqarib yuborish bo‘yicha:
mastlik holatida bo‘lgan shaxs hushor holatga kelganidan so‘ng uni darhol tibbiy yordam ko‘rsatish punktidan chiqarib yuborish;
mastlik holatida bo‘lgan shaxs hushor holatga kelgandan so‘ng tibbiy yordam ko‘rsatish punktidan chiqarib yuborish vaqtida undan olib qo‘yilgan narsalarni qaytarish.
Tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga ko‘chalar, maydonlar, istirohat bog‘lari, vokzallar, aeroportlar va boshqa jamoat joylarida mastlik holatida bo‘lgan shaxslar olib boriladi.