TOShKENT, 5 okt — Sputnik. O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 2020-yilning birinchi yarmida 0,2% gacha pasayib, asosan qishloq xo‘jaligi (2,8%) va qurilish (7,3%) sohalaridagi o‘sish hisobiga ijobiy ko‘rsatkichini saqlab qoldi. Boshqa sohalarda pasayish kuzatildi. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) matbuot xizmati yangi makroiqtisodiy hisobotga asoslanib xabar berdi.
Hisobotga ko‘ra, sanoat va gaz qazib olish 1,9% va 17,1%ga kamaygan. Mehmonxona biznesi va chakana savdoda 1,1 foizga, transport va saqlash, axborot va aloqada — 3,2 foiz pasayish kuzatildi. Yanvar-iyul oylarida ishsizlik 13,2%gacha o‘sdi (bir yil oldin — 9,1%), real daromadlar esa 1,7%ga kamaydi.
Yalpi talab fonida inflyatsiya avgust oyida 11,7% gacha pastladi (2019 yil avgustda — 16,5%), bu Markaziy bankni qayta moliyalash stavkasini yillik 15%dan 14%gacha tushirishga majbur qildi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Inqirozga qarshi jamg‘arma (YaIMning 1,5 foizga yaqini) tashkil etilganiga qaramay, mamlakat kuchli tashqi bosimni boshdan kechirmoqda. Yilning yetti oyida import taxminan 18%ga, eksport esa 21%ga kamaydi. Rossiya va Qozog‘istondagi iqtisodiy faollikning sustlashuvi va anvar-iyul oylarida pul o‘tkazmalarining 7 foizga pasayishi tufayli tashqi muvozanat yanada yomonlashdi.
Umuman olganda, YeTTB bu yil real YaIMning 2 foizga qisqarishini prognoz qilmoqda. Tahlilchilar eksport va ichki talabning tiklanishi bilan bog‘liq holda 2021-yilda 4,5% o‘sishni kutmoqdalar.