TOShKENT, 3 okt - Sputnik. O‘zbekiston xotin-qizlarining oilaviy turmush muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashish, hayotiy haq-huquqlarini munosib himoya qilish, ularning maishiy zo‘ravonlik qurboniga aylanib qolishlarini oldini olish, hayotini qayta yo‘lga qo‘yishda moddiy va ma’naviy, tibbiy-psixologik yordam berish maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining "1146" qisqa raqamli Ishonch telefoni o‘z faoliyatini boshlamoqda.
Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumki, mazkur qisqa raqamli Ishonch telefoni ish-faoliyati muqaddam Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan olib borilgan.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishni oldini olish Respublika markazi qoshida mazkur Ishonch telefoni faoliyatini joriy yilning 10-oktabr sanasidan yo‘lga qo‘yish va uni moliyalashtirish bo‘yicha BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) bilan o‘zaro kelishuvga erishdi.
Hozirda zarur tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Ishonch telefoni orqali zo‘ravonlik qurboniga aylangan xotin-qizlarga hayotidagi mavjud og‘ir vaziyatlardan chiqishlariga yordam berilib, ularga zarur ruhiy, huquqiy hamda tibbiy ko‘mak beriladi.
- murojaatchi xotin-qizlarning xohishiga ko‘ra, uning shaxsi va murojaat mazmuni sir saqlanadi.
- o‘z atrofidagi xotin-qizlarning haq-huquqlari toptalayotganligiga guvoh bo‘layotgan yoki boshqa salbiy holatlarga duch kelgan yurtdoshlarimiz ham "1146" Ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqida xabar berishlari mumkin.
Shu o‘rinda Mahalla vazirligi barcha fuqarolardan nohaq tahqirlanayotgan; tazyiqqa, zo‘ravonlikka duch kelayotgan; sha’ni, qadr-qimmati toptalayotgan; huquqlari poymol etilayotgan xotin-qizlar hayotiga befarq bo‘lmasliklari, ularni munosib himoya qilib, turli zo‘ravonliklar qurboniga aylanmasliklari uchun birgalikda kurashishga chaqirgan.