TOShKENT, 3 okt - Sputnik. Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida yangi qurilgan ko‘prik quladi. Ayni vaqtda ushbu hodisa keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.
Gap shundaki, ko‘prikning qurilishiga 6,5 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lib, mahalliy aholi OAVdagi chiqishlarida mablag‘ va qurilish materiallarining maqsadsiz sarflangan bo‘lishi mukinligiga iddao qilmoqda.
Sputnik muxbiri Surxondaryo viloyati hokimligining matbuot kotibi Zaxiriddin To‘rayev bilan bog‘lanib, holat yuzasidan izoh so‘radi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qumqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi, davlat ahamiyatidagi 4r-105 "Darband-Boysun-Elbayon" avtomobil yo‘lining 76 kilometrida joylashgan, uzunligi 66 pogonametr bo‘lgan "Polvontosh" selgasi ustidagi ko‘prikning oraliq tayanch ustunlari 1 metrga cho‘kib, ustki plitalari qulagan. Natijada ko‘prik yaroqsiz holatga kelib, hozirgi kunda ushbu hududdan piyodalar va avtomashinalarning harakati cheklangan.
Mazkur holat yuzasidan "Surxon qurulish nazorat o‘lchov" MChJ va viloyatavtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi mutaxassilari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, unga ko‘ra o‘tkazilgan nazorat o‘lchovida pudratchi korxona tomonidan haqiqatda bajarilgan ishlar «Bajarilgan ishlarni tasdiqlovchi schot-faktura ma’lumotnomasi”ga (Forma-3) qo‘shib yozish holatlari aniqlanmagan.
Loyiha smeta hujjatlariga nisbatan bajarilmagan ishlar xajmi 34 mln 491 ming 265 so‘mni tashkil qilishini va mavjud pudratchi va buyurtmachi o‘rtasida 2014-yil 21-aprelda imzolangan 3/TO-2014-sonli shartnomaning 3-qismi (pudratchining majburiyatlari) 4-bandi pudratchi tomonidan to‘liq bajarilmagani ko‘rsatilgan.
Shuningdek, mamlakatda e’lon qilingan karantin cheklovlari sababli tergov harakatlari o‘tkazishning imkoni yo‘qligi, mazkur holatni oydinlashtirish uchun boshqa shaxslar va mutaxassislardan xulosa olish imkoniyati mavjud bo‘lmagani qayd etilgan.
Shu sababli 18-iyul kuni Termiz transport prokuraturasi tomonidan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Ammo ushbu qaror 29-sentabr kuni transport prokurori tomonidan bekor qilinib, hozirgi kunda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.