TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Toshkentda 16 yoshli qiz sodir etgan yo‘l-transport hodisasida 14 yoshli bola qurbon bo‘ldi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar qilmoqda.
YTH 27-sentabr kuni soat 20:00 larda Toshkent shahar Uchtepa tumani 35-uy qarshisida sodir bo‘lgan. Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 16 yoshli Sh.N. “Spark”ni boshqarayotib, o‘zidan oldindagi “Neksiya” quvib o‘tishga uringan. Natijada u bilan to‘qnashgan va qarama-qarshi yo‘lga o‘tib ketgan. U yerda esa “Lasetti” bilan to‘qnashgan.
Natijada “Spark” yo‘lovchisi 14 yoshli A.N. shifoxonaga olib ketilayotganda yo‘lda vafot etgan. Ushbu avtomobil haydovchisi 16 yoshli Sh.N. va “Lasetti” haydovchisi 46 yoshli A.M. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur YTH yuzasidan odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.