TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Sobiq ittifoq prezidenti Mixail Gorbachov AQSh prezidenti saylovlarniing bo‘lg‘usi g‘olibini paysalga solmasdan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda u “The Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Gorbachov yadroviy qurollanish poygasi nazoratdan chiqib ketishidan xavotir bildirgan.
“Vaziyat o‘ta tahlikali. Saylov natijalaridan qat’i nazar, hozirgi muzlik davridan chiqish uchun muloqotni tiklashimiz zarur. Har ikki mamlakat prezidentlari tomonidan kuchli turtki darkor”, — deya fikrlari bilan o‘rtoqlashgan u.
Gorbachov Rossiya va Qo‘shma Shtatlar “ikkinchi Reykyavik”ni o‘tkazishlari shart deb hisoblaydi (u Ronald Reygan bilan 1986-yili Islandiyada o‘tkazgan uchrashuvini ko‘zda tutgan).
“1980-yillar o‘rtalarida Sovet ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar hozirgidan ancha murakkab edi. Shunga qaramay, o‘zaro ishonch, tushunish, muloqot orqali muammoga yechim topa olganmiz”, — deya ta’kidladi SSSR sobiq prezidenti.
Siyosatchi AQShning yangi yadroviy qurol yaratish borasidagi rejalaridan qattiq tashvishda ekanini ham bildirdi.
AQShda prezident saylovlari 2020-yilning 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi muddatga nomzodini ilgari surayotgan Donald Tramp va Demokratlar vakili Jo Bayden o‘rtasida prezidentlik kursisi uchun kurash kechadi.
Strategik hujumkor qurollanishni (SNV-3) qisqartirish to‘g‘risidagi shartnoma AQSh va Rossiya o‘rtasidagi qurollanishni cheklashga qaratilgan amaldagi yagona shartnoma. Uning amal qilish muddati 2021-yilning 5-fevralida o‘z nihoyasiga yetadi. Putin ushbu shartnomani ortiqcha shartlarsiz yana besh yilga uzaytirishni taklif qilgan. Oq uy esa shartnomaga Xitoyni ham qo‘shib, Moskva, Pekin va Vashington o‘rtasida yangi uch tomonlama shartnoma tuzish zarurligini ta’kidlamoqda. Xitoy bu g‘oyadan bosh tortmoqda.
Rossiya hukumati Moskva AQShning ushbu shartnomani uzaytirishga bo‘lgan kayfiyatini ko‘rmayotganini ta’kidlagan edi. Rossiya TIV Sergey Lavrov avvalroq amerikalik hamkorlarning amalga oshmaydigan talablari, jumladan, Xitoy ishtirokiga doir taalablarini qanoatlantirmasligini ma’lum qilgan edi.