TOShKENT, 25 sen — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 426 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 54 392 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 200 nafari Toshkent shahrida, 11 nafari Toshkent viloyatida tana harorati ko‘tarilganligi hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Sog‘ayish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 438 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 50 879 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 93 foiz.
Ayni paytda 3 064 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida koronavirusga chalingan 2 nafar bemor vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 449 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
35 million doza vaksina
Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RFPI) va O‘zbekistonning LAXISAM farmatsevtika kompaniyasi 35 mln doza "Sputnik V" vaksinasi yetkazib berishga kelishib olishdi.
O‘zbekiston vakolatli organlari vaksinani belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazganidan so‘ng, 2020-yilda respublikaga 10 million doza vaksina va 2021-yilda yana 25 million doza vaksina yetkazib beriladi.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 32,4 milliondan oshdi, 987 ming kishi vafot etdi, 23,9 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (7,2 mln), Hindistonda (5,8 mln), Braziliyada (4,7 mln).