TOShKENT, 23 sen — Sputnik. O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi miqdori 2020-yilning yanvar - iyun oylarida o‘tgan yilning ushbu davriga nisbatan 12,7%ga oshib 27,6 milliarda dollarni tashkil qildi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Markaziy banki.
Ushbu qarzning katta qismi davlat hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Umumiy qarzning davlat ulushi 17,48 mlrd.$ (+10,7%) va xususiy kompaniyalar ulushi esa 10,127 mlrd. $ ni tashkil qildi (+16,2%).
Davlat qarzi tarkibida 10-yil va undan ortiq muddatga olingan qarzlar 20,3 milliard dollarni (73,5%) tashkil qiladi. 1-yildan 5-yilgacha olingan qarzlar esa 3,395 milliard dollarni (12,3%) tashkil qilmoqda.
Markaziy bank xabariga ko‘ra, tashqi qarzning oshishi COVID-19 tarqalishi tufayli yuzaga kelgan krizisning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish uchun olingan tashqi qarzlar tufayli sodir bo‘lgan.
O‘zbekiston prezidenti mart oyida COVID-19 oqibatlariga qarshi kurash uchun kapitali miqdori 1 milliard bo‘lgan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil qilishni buyurgan va hukumatga davlat budjetini moliyalashtirish uchun tashqi manbaalar qidirish topshirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga, jumladan Xalqaro valyuta jamg‘armasidan - 375 million dollar, Jahon bankidan - 295 million dollar va Osiyo Taraqqiyot bankidan – 600 million dollar qarzlar jalb etilgan edi.
Ma’lumot uchun, 2019-yilda O‘zbekiston YaIMi 57,9 mlrd. dollarni tashkil qilgan edi. Nufuzli Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston YaIMi 2020-yilda 5,0-5,8 %ga o‘sishini bashorat qilishgan edi. Lekin COVID-19 umumjahon epidemiyasi tufayli ushbu prognozlar 1,0-1,8% darjasigacha qisqartirildi.