TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 396 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 53 275 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 167 nafari Toshkent shahrida, 20 nafari Namangan viloyatida hamda 7 nafari Toshkent viloyatida tana harorati ko‘tarilganligi hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Sog‘ayish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 425 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 49 649 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 93 foiz.
Ayni paytda 3 182 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida koronavirusga chalingan 2 nafar bemor vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 444 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Dubayga parvozlar
5 oktabrdan boshlab Toshkentdan Dubayga qatnovlar soni oshiriladi. Qatnovlar haftasiga 2 marotaba amalga oshiriladi.
Shota Arveladzeda koronavirus aniqlandi
“Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladzeda test natijasi musbat chiqdi. Shu sababli u OFK protokoliga mos tarzda izolyatsiyaga olindi.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 31,6 milliondan oshdi, 971 ming kishi vafot etdi, 21,8 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (6,9 mln), Hindistonda (5,6 mln), Braziliyada (4,6 mln).