TOSHKENT, 18 sen - Sputnik. Bosh prokuratura matbuot-xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qashqadaryo viloyatida maktab direktori oʻz joniga qasd qilganligi, vafotidan oldin xat yozib qoldirganligi haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot eʼlon qildi.
Maktubda keltirilishicha, direktor suiqasd oldidan xat yozgan va unda barcha hamkasblaridan korruptsiyaga yoʻl qoʻymaslikni oʻtinib soʻragan.
"Hozirda mazkur holat yuzasidan Kitob tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda", - deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Shuningdek, maʼlumotlarga koʻra, tekshirishda marhumning yaqin qarindoshlari murdani sud-tibbiyot ekspertizasi koʻrigidan oʻtkazmaslik maqsadida yurak hurujidan vafot etgani vaji bilan jasadni koʻmib yuborishganligi aniqlangan.
Hozirda tuman xalq taʼlimi, ichki ishlar boʻlimlari hamda maxalla va oilani qoʻllab-quvvatlash markazi tuman boʻlimining mutasaddi xodimlari harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Tekshirish harakatlari davom etmoqda.