TOShKENT, 18 sen - Sputnik. Toshkent viloyatida traktor va yuk mashinasi ishtirokidagi YTH sodir bo‘ldi. Ikki nafar qurbonlar bor, deb xabar qilmoqda IIV Tergov departamenti.
Xabarga ko‘ra, hodisa Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan o‘tgan M-39 "Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon-Andijon-Osh" avtomobil yo‘lining 153-kilometrida Angren shahri yo‘nalishida sodir bo‘lgan.
"Hyundai porter" avtomashinasi haydovchisi Toshkent shahri yo‘nalishiga qarab harakatlanib borib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda chapga qayrilish uchun to‘xtab turgan "T-28" rusumli traktorning tirkamasiga kelib urilgan.
Natijada "Hyundai porter" avtomashinasi haydovchisining ayoli tan jarohatlari olib xodisa joyida, voyaga yetmagan 5 oylik qizi Oxangaron tuman markaziy shifoxonasining qabul bo‘limiga olib kelingan vaqtda vafot etgan.
Bundan avariyada yuk mashinasi haydovchisining o‘g‘illari 12 yoshli B.B., 10 yoshli U.B. va 7 yoshli X.B.,lar turli darajadagi tan jarohatlari bilan, tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda jinoyat ishi viloyat IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.
Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.