TOShKENT, 17 sen — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 465 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 49 627 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 188 nafari Toshkent shahrida, 41 nafari Namangan viloyatida, 7 nafari Farg‘ona viloyatida hamda 6 nafari Toshkent viloyatida tana harorati ko‘tarilganligi hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Sog‘ayish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 496 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 45 970 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 93 foizga yetdi.
Ayni paytda 3 244 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida koronavirusga chalingan 4 nafar bemor – Yunusobod tumanida yashagan 64 yoshli K.E. (erkak) hamda Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 56 yoshli G.Sh. (ayol), Toshkent viloyatida yashagan 59 yoshli E.N. (erkak) hamda poytaxtlik 69 yoshli B.T. (erkak) vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 413 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Parvozlar haqida
Pandemiya vaqtida O‘zbekistonga havo transporti orqali yo‘lovchilar kirib kelish tartibi belgilandi.
"Qizil" va "Sariq" hududlardan O‘zbekistonga kelayotgan yo‘lovchilar COVID-19 aniqlanmagani haqida ma’lumotnoma taqdim etishi kerak. Yo‘lovchi PZR analizi parvozda 72 soatdan uzoq bo‘lmagan muddat ichida topshirilgan bo‘lishi kerak. Faqat virus aniqlanmagan yo‘lovchilar parvozga qo‘yiladi.
"Qizil" hududlardan kelgan yo‘lovchilar aeroport pasport nazorati xizmatiga COVID-19 tahlil natijasi va 14 kunlik uy karantiniga joylashish majburiyatnomani taqdim etishlari shart.
"Sariq" hududlardan kelgan yo‘lovchilar pasport nazorati xizmatiga COVID-19 aniqlanmagani haqidagi PZR test natijasi aks etgan hujjatni topshirishlari talab etiladi.
"Yashil" hudud mamlakatlaridan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan yo‘lovchilarga nisbatan karantin tartiblari qo‘llanilmaydi (kasallik alomatlari kuzatilgan yo‘lovchilar bundan mustasno).
Yopilgan maktablar
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi yangi o‘quv yilida o‘quvchilar uchun eshigini ochgan 9 ta maktab yana faoliyatini to‘xtatdi. Maktablar yopilishiga tumanda koronavirus pandemiyasi bilan gumon qilinayotgan fuqarolar soni oshgani sabab bo‘lgan.
YeIIB krediti
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki “Ipak Yo‘li” bankiga 20 million dollar ajratilishini ma’qulladi.
15 millioni kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun kredit liniyasi shaklida, yana 5 million dollari savdoni moliyalashtirish uchun ajratilgan.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 29,9 milliondan oshdi, 941 ming kishi vafot etdi, 20,3 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (6,6 mln), Hindistonda (5,0 mln), Braziliyada (4,4 mln).