TOShKENT, 15 sen – Sputnik. 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab mehnat migrantlari ham o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolar sifatida ro‘yxatga olinadi va belgilangan tartibda soliq to‘laydi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev 14-sentabr kuni imzolagan “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytib o‘tilgan.
Tartibli migratsiya
“2021 yil 1-yanvardan boshlab tashkillashtirilgan holda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish – o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlariga tenglashtiriladi hamda ushbu shaxslarga o‘zini o‘zi band qilganlar uchun belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qo‘llaniladi”, - deyilgan prezident Qarorida.
Undan tashqari xorijga mehnat faoliyatini oshirish maqsadida yuborilayotgan fuqarolar ketishidan oldin majburiy tartibda kasb-hunar va til o‘rgatiladi.
Ushbu maqsadlarda, “Ishga marhamat” monomarkazlari, shahar, tuman va mahalla kasb hunarga o‘qitish markazlari ochiladi.
Undan tashqari Yaponiya, Rossiya va BAA bilan hamkorlikda yapon tili o‘rgatish, xizmat ko‘rsatish sohasida bilim berish, payvandlash kabi kasblarni o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Rossiya bilan migratsiya sohasida hamkorlik
Migratsiya sohasida Rossiya bilan hamkorlik yanada chuqurlashtiriladi. Xususan, O‘zbekistonda Rossiya IIVning pasport-viza xizmati vakolatxonasi ochilishi rejalashtirilgan.
2021 yil 1-yanvarga qadar O‘zbekistonda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati vakolatxonasi ochiladi hamda ushbu vakolatxonada patentni tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlari ko‘rsatiladi, - deyilgan qarorda.
Undan tashqari Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara, Ufa shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari ochiladi.
Rossiya Federatsiyasi, (shuningdek Qozog‘iston Turkiyada ham) mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar uchun onlayn platforma yaratiladi “Call-markaz” xizmati tashkil qilinadi;
Shuningdek mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida advokatlik firmalari jalb qilinadi;
Migrantlar ijtimoiy himoya qilinadi
2021 yil 1-yanvardan boshlab bo‘lajak migrantlar oila a’zolari “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olinadi. Oila a’zolari mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotganda - mikroqarzlar beriladi.
Yo‘l puli va dastlabki xarajatlarni qoplash uchun beriladigan mikroqarzlar 10 mln so‘mgacha bir yil muddatga past foiz stavkasida (14-21%) beriladi.
Chet davlatlarda murakkab moliyaviy ahvolga tushgan 10 mingga yaqin fuqarolarga 446 ming so‘mdan (40 doll) bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Ushbu maqsadlarga 4,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi;
Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilinadi, shu jumladan ularning bandligi ta’minlanadi, kasbiy malakasi oshiriladi va tadbirkorlik tashabbuslari rag‘batlantiriladi.