TOShKENT, 28 avg - Sputnik. 2022 yilda Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda ShHT sammitiga tayyorgarlik bo‘yicha bir qator obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston prezidentining qarori bilan Samarqand viloyati hokimligi huzurida Obodonlashtirish va farovonlikni oshirish jamg‘armasi tashkil etilgan. Jamg‘arma hisobidan viloyat hokimligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida hududiy infratuzilmani yaxshilash va obodonlashtirish maqsadida suv ta’minoti va kanalizatsiya, ichki yo‘llar, ijtimoiy obyektlar kabi 10 ta yo‘nalishda qurilish va ta’mirlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar olib borilmoqda.
Qurilishlar o‘rganilganda, jamg‘arma hisobidan davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilmayotgani aniqlangan.
Jumladan, avtomobil yo‘llariga oid 4 ta, ichimlik va oqova suv tarmoqlariga oid 8 ta obyekt qurilishi noqonuniy ravishda, ya’ni pudratchilarni tender orqali aniqlamasdan, loyiha hujjatlarini tayyorlash bilan birgalikda olib borilmoqda.
Bundan tashqari, viloyatdagi obyektlar qurilishida mablag‘dan to‘g‘ri foydalanilishi ustidan moliyaviy nazorat hamda qurilish meyorlari va qoidalariga rioya etilishi ustidan texnik nazorat to‘g‘ri tashkil etilmagan. "Bu esa ajratilayotgan pullarning talon-toroj qilinishi, ishlarning sifatsiz bajarilishiga sabab bo‘layapti. Hozir aniqlangan holatlar yuzasidan 5 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda", - deyiladi xabarda.
Xususan, Samarqand shahar Afrosiyob ko‘chasining 1,9 kilometrlik qismida "F.G." MChJ ichimlik va oqova suv tarmoqlarini o‘rnatgan, "S.Y." UK ko‘chaning ayni shu qismiga asfalt yotqizgan. Biroq 2020-yilning aprel oyiga kelib yo‘lda ko‘plab notekisliklar hosil bo‘lib, yotqizilgan asfalt yaroqsiz ahvolga tushib qolgan.
Suv tarmoqlarini tortish hamda asfalt yotqizishning qonuniyligi o‘rganilganda, pudratchilar tender o‘tkazmasdan tanlangani, qurilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan parallel ravishda, ekspertizadan o‘tkazilmasdan turib olib borilgani aniqlandi. Shuningdek, oqova suv tarmog‘ini tortishda qurilish meyorlari qo‘pol ravishda buzilgan. Jumladan, 85 mln. so‘m pul qo‘shib yozish orqali talon-toroj qilingan. Bundan tashqari, jamg‘arma hisobidan qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini bajarishda jami 7,4 mlrd. so‘m pul talon-toroj qilingani va noto‘g‘ri sarflangani aniqlandi.
Qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatildi, deb xabar qilgan Bosh prokuratura.