TOShKENT, 26 avg — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 300 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 39 964 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 164 nafari Toshkent shahrida, 6 nafari Toshkent viloyatida hamda 4 nafari Andijon viloyatida tana harorati ko‘tarilganligi bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Sog‘ayish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 419 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 36 402 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 91 foizga yetdi.
Ayni paytda 3 271 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida koronavirusga chalingan 4 nafar bemor – Olmazor tumanida yashagan 81 yoshli M.I. (erkak), Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 73 yoshli D.I. (ayol), Samarqand shahrida yashagan 38 yoshli X.Q. (erkak) hamda Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolangan 58 yoshli Eron Islom Respublikasi fuqarosi B.S. (erkak) vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 291 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Charter qimmatligi
Ayni damda chater parvozlari narxlari quyidagicha: Moskva - Toshkent - 397 $, Istanbul-Toshkent - 353-400 $, Dubay-Tashkent - 366 $. Transport vazirligi charter reyslarning qimmatligiga izoh berdi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, birinchi navbatda, repatriatsiya charter parvozlarini tashkil qilishdagi obyektiv sabablarga bog‘liq.
Aksariyat davlatlar hollarda yo‘lovchilarni qabul qilishga tayyor emas, shu sababli samolyotlar faqat bir tomonga yo‘lovchilar bilan uchadi.
Shuningdek, samolyotlar ijara puli, parvozlar masofasi va nechta davlatlar havo kengligi hududidan uchib o‘tishi, aeronavigatsion xizmatlar, aeroport yer usti xizmatlari va yig‘imlari.
Undan tashqari yo‘lovchilarni aeroport hududidan mehmonxonaga yetkazib qo‘yish, karantin qoidalariga rioya etilish nazorati, tibbiy va sanitariya xizmat xarajatlari, PZR testlari va boshqa xarajatlar.
Rossiya va Xitoy shifokorlari yordami
Rossiyaning nufuzli tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan 40 nafarga yaqin mutaxassisdan iborat tibbiy guruh O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Reanimatolog, pulmonolog, infeksionist, virusolog, kardiolog, endokrinolog kabi mutaxassislardan iborat delegatsiya guruhlarga bo‘linib, turli hududlarda: Toshkent shahri, Jizzax, Buxoro, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm, Toshkent viloyatlarida koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda O‘zbekiston shifokorlar bilan hamkorlikda faol ish olib borishmoqda.
Samarqand shahridagi koronavirusga chalingan va gumon qilingan 98 nafar bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi hamda ularning kasallik varaqalarini o‘rgangan holda davolash jarayoniga tegishli qo‘shimchalar kiritishdi.
Shuningdek, Xitoyning “Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd.” kompaniyasi hamda Szansi an’anaviy xitoy tabobati universitetining 10 nafar shifokor va mutaxassislaridan iborat guruh O‘zbekistonga kelgan.
Xitoylik shifokorlar guruhi Toshkent shahrida tashkil etilgan Saralash va taqsimlash markazlarida bemorlarni davolash ishlarida ishtirok etmoqda.
Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazidagi Maxsus shtabda xitoylik mutaxassislar bilan birgalikda barcha hududlardagi holati og‘ir bemorlarni davolash yuzasidan telemeditsina orqali konsilium o‘tkazildi.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 24,1 milliondan oshdi, 820 ming kishi vafot etdi, 15,6 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (5,8 mln), Braziliyada (3,7 mln), Hindistonda (3,2 mln).