"Yangi davrning boshlanishi", "bu mamlakatni energetika nuqtayi nazaridan mustaqil qiladi", "tarixiy onlar" - Turkiya hukumati Qora dengizda topilgan gaz koni haqidagi yangilikka imkon qadar jar soldi. Aslida, bu yoqilg‘i bor, lekin u yo‘q. Ehtimol, yaqin orada bo‘lmaydi ham.
Qiymati sakson milliard dollarga teng uch yuz yigirma milliard kubometr gaz – juda ishonchliga o‘xshaydi. Yaqinda Anqaraning Qora dengizda gaz zaxiralari topilganligi haqidagi bayonotidan keyin tahlilchilar darhol o‘z baholarini va makroiqtisodiy taxminlarini berishga kirishdilar.
Turkiya o‘z ehtiyojlarini qoplay oladimi yoki hatto, hech bo‘lmaganda mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan eksportchiga aylanishi mumkinligini muhokama qildilar. Kimdir “Turk oqimi” bo‘yicha xavotirlarini bildirdi, boshqalar qazib olish narxini taxmin qilish bilan shug‘ullanishdi.
Aslida, hammasi o‘ylangandan ancha sodda bo‘lib chiqdi va barcha hisob-kitoblar respublikadagi ichki holatdan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi kerak. Raxmi Turan, "Sözcü" turk nashriga maqolalar mualliflaridan birining eslatishicha: mamlakatda allaqachon saylovlar oldidan neft yoki gaz topilganligi haqida jar solish siyosiy an’anaga aylanib qolgan.
Ularning eng yaqini 2023-yilga rejalashtirilgan, va bu keng ko‘lamli PR-kampaniya uchun hali erta bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo hukumat konlarni aynan shu paytda qazishni boshlashni rejalashtirmoqda, shuning uchun uch yildan keyin sarlavhalar yanada chiroyliroq, balandparvozli va ahamiyatli bo‘lishi mumkin.
Turkiya hozirda deyarli to‘laligicha chet eldan "zangori olov" ta’minotiga qaramdir, bunday holda esa ovoz berish oldidan saylovchilarni ishontirishga arziydi. Axir bu mamlakatdagi deyarli barcha iqtisodiy muammolarning yechimi sifatida taqdim etilmoqda.
Sözcü'da bu bo‘yicha mutlaqo boshqa fikrdalar: birinchidan, atigi uch yil ichida respublika qazib olish va qayta ishlashning barcha jarayonlarini yo‘lga qo‘yishi dargumon. Ikkinchidan, kelgusi yetti yil uchun qazib olish sur’atlari yiliga 8-10 milliard kubometrni tashkil etadi holos, bu esa Turkiya ehtiyojining atigi beshdan biridir. Agar energetikada to‘laqonli mustaqillik ro‘y bersa ham, bu yaqin o‘rtada bo‘lmaydi, deb xulosa qiladi material muallifi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Adolat va Taraqqiyot partiyasining o‘tgan 18-yil ichida hukmronligi davrida turklar to‘qqiz marta topilgan neft haqidagi yangiliklardan xursand bo‘lishgan. Ammo navbatdagi ovoz berishdan keyin barchasi allaqanday tarzda unutilardi. Saylovoldi-uglevodorodlar an’anasiga juda uzoq vaqt oldin, kamida 65-yil oldin, u payt Demokratik partiya yetakchisi Adnan Menderes bosh vazir bo‘lganida asos solingan.
O‘shanda gazetalar balandparvoz: "Frakiyada boy neft konlari topildi!" sarlavhalari bilan chiqqan. Ammo, bu "yangi davrning" maqtalgan boshlanishi va respublikaning energiya mustaqilligining kafolati bo‘la oldimi? Ko‘rinishidan, yo‘q, bo‘la olmadi.
Muallif Mariya Merkulova, Sputnik radiosi