TOSHKENT, 25 avg - Sputnik. Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi yangi oʻquv yili oldidan ota-onalarga murojaat qildi, deb xabar bermoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
Vazirlik taʼkidiga koʻra, har bir ota-ona oʻz sharoitidan kelib chiqib, farzandini anʼanaviy ravishda maktabga yuborishi yoki uyda qolib onlayn shaklda oʻqitishi yuzasidan mustaqil qaror qabul qilishi kerak.
Ota-onalarning fikrini bilish va undan kelib chiqib, taʼlim jarayonini tashkil etish maqsadida, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yangi 2020/2021 oʻquv yilini boshlash borasida maktablarda soʻrovnoma tashkil etildi.
XTV ota-onalardan mazkur jarayonda faol qatnashib, oʻz fikrlarini bildirish va muhim qarorni qabul qilishda ishtirok etishni soʻramoqda.
"...butun dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi taʼlim tizimi va uning barcha ishtirokchilari oldiga bir qator sinovlarni qoʻymoqda. Mana 5 oydirki, bolalar maktablarga bora olmasdan, oʻz tengdoshlari bilan bevosita muloqotdan uzilgan. Afsuski, bugungi sharoitda farzandlarimiz taʼlimida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday boʻshliq, ertaga bizga juda ham qimmatga tushishi mumkinligini unutmasligimiz zarur.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining fikricha, koronavirus bilan bogʻliq vaziyat ikki yilgacha davom etish xavfi bor, shuning uchun maktablar faoliyatini qayta tiklashga oid qaror oʻquvchilar, pedagoglar va ota-onalarning sogʻligini oʻylagan holda qabul qilinishi lozim.
Unutmang, farzandlarimizning taʼlim va tarbiyasi hamda jismonan sogʻlom rivojlanishi uchun har birimiz birday masʼulmiz", - deyilgan murojaatda.