TOShKENT, 21 avg - Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov afg‘onistonlik hamkasbi Hanif Atmar bilan telefonlashdi. Vazirlar Afg‘onistonning Balx viloyatida 20-avgust kuni sodir bo‘lgan "So‘g‘diyona trans" sho‘ba korxonasi vakillariga qurolli hujum hodisasini muhokama qilganlar.
Ta’kidlanishicha, sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqea oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lmagan.
Hanif Atmar mamlakatning vakolatli organlari tomonidan voqea tafsilotlari sinchkovlik bilan tekshirilayotgani va unga aloqadar shaxslar javobgarlikka tortilishini ta’kidlagan.
O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston kompaniyalari va korxonalari xodimlari uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilishini so‘ragan.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati bayonotiga ko‘ra, 20-avgust kuni "So‘g‘diyona trans" sho‘ba korxonasi ishchi-xodimlarini ish joyiga olib ketish uchun kelgan korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, haydovchi va Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligining temir yo‘lni qo‘riqlash bataloni askari Xayraton ishchilar yashash bazasidan chiqishgan.
Shundan so‘ng, temir yo‘lning taxminan 43 kilometri yaqinida ularga noma’lum shaxslar tomonidan qurolli hujum uyushtirilgan.
Hujum oqibatida korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari jarohat olgan, ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi (Ichki ishlar vazirligining temir yo‘lni qo‘riqlash bataloni askari va bir nafar hujum qilgan noma’lum shaxs) halok bo‘lgan.
Jarohat olgan korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari korxonaga tegishli avtomashinada Termiz shahridagi kasalxonaga yetkazilgan. Bugun – 21-avgust soat 7:00 dan Hayraton stansiyasi o‘z ishini davom ettirish uchun ochilgan.