TOShKENT, 21 avg - Sputnik. Toshkent shahrida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi sport markazining zamonaviy o‘q otish o‘quv-mashg‘ulotlar bazasining ochilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.
Tantanali tadbirda Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Mudofaa vazirligi sport markazining nomdor sportchilari, O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi vakillari hamda sport faxriylari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Ravshan Ermatov sportchi uchun eng avvalo sport infratuzilmasi hamda zamonaviy sport inventarlari, qolaversa malakali trenerlar kerakligini ta’kidlab, bu borada bugun foydalanishga topshirilgan o‘q otish sporti o‘quv-mashg‘ulotlar bazasida yaratilgan sharoitlar va mavjud o‘q otish qurollari xalqaro talablarga javob berishi, murabbiylarning salohiyati yuqori ekanligi tez orada ushbu sport turi rivojida o‘z samaralarini berishini aytib o‘tdi. Bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o‘z tomonidan barcha yordamni berishga tayyorligini ham bildirdi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda o‘q otish sporti bilan 3700 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz muntazam shug‘ullanib kelmoqda, shundan 800 nafarga yaqini xotin-qizlardir.
Ularga 136 nafar trener o‘q otish sporti sir-asrorlarini o‘rgatib kelayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda mavjud TIRlar 122 tani tashkil qiladi.
Mamlakat terma jamoasi tarkibiga o‘q otish sportidan 48 nafar sportchi taklif etilayotgan bo‘lsa, shundan 10 nafari Mudofaa vazirligi sport markazi a’zolari sanaladi.