TOShKENT, 21 avg - Sputnik. Prezidentlikka sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya yangi videomurojaat yozdi, ayol unda Belarusdagi yirik korxonalar ishchilarini ish tashlashlarni davom ettirishga chaqirgan, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
"Hurmatli belaruslar, "Belaruskaliy", MTZ, "Grodnoazot" va boshqa korxonalarning ishchilari, siz yangi, ozod Belarusiya timsolisiz. <...> Belarusning kelajagi, ya’ni, bolalarimizning kelajagi endi sizning birligingiz va qat’iyatingizga bog‘liq. Shuning uchun sizlardan ish tashlashlarni davom ettirishni va ularni kengaytirishni so‘rayman", - deb aytgan ayol o‘z murojaatida.
Tixanovskaya bu harakatlarning maqsadi sifatida siyosiy mahbuslarning ozod etilishi va yangi saylovlarning o‘tkazilishini ko‘rsatgan.
Belarusning bir qator korxonalarida ishchilar ish tashlagani ma’lum qilingan edi, ishlab chiqarishning yangi to‘xtatilishlari ham e’lon qilingandi. Shu bilan birga, hukumat ish tashlashlar ko‘lamini katta ahamiyatga ega emas deb baholamoqda.
Respublika Bosh vaziri Roman Golovchenko so‘zlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotining real sektorining barcha korxonalari odatiy holda ishlamoqda. Belarus atom elektr stansiyasida barcha xodimlar ishni davom ettirmoqdalar. O‘z navbatida, Belarus metallurgiya zavodi (BMZ) domna pechlarining ishlashini vaqtincha to‘xtatilgandi, ammo keyin normal ish holatiga keltirdi.
Muxolifatning ommaviy namoyishlari 9-avgust kuni Belarusda amaldagi mamlakat yetakchisi Aleksandr Lukashenko oltinchi marta g‘alaba qozongan prezident saylovlaridan keyin boshlandi. Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, u 80,1 foiz ovoz to‘plagan.
Muxolifat, saylovda Lukashenko emas, Svetlana Tixanovskaya g‘alaba qozondi deb hisoblaydi. Dastlabki kunlarda namoyishlar xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirildi, natijalardan norozi namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, suv purkagichlar, yorug‘lik-shovqin granatalari, rezina o‘qlar ishlatildi. Keyinchalik huquq-tartibot idoralari mitinglarni tarqatish va kuch ishlatishni to‘xtatdilar.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki kunlarda 6,7 mingdan ortiq odam hibsga olindi. Respublika IIV xabariga ko‘ra, tartibsizliklarda yuzlab odamlar jarohatlangan, ularning orasida 120 dan ortiq huquq-tartibot xodimlari, uch namoyishchi halok bo‘lgan.