TOShKENT, 14 avg — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 498 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 33 821 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 127 nafari Toshkent viloyatida, 105 nafari Toshkent shahrida, 12 nafari Xorazm viloyatida, 8 nafari Andijon viloyatida, 3 nafardan Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida hamda 2 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida tana harorati ko‘tarilganligi uchun profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 612 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 27 825 nafarga yetdi.
Ayni paytda 5 776 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida koronavirusga chalingan 4 nafar bemor – Shayxontohur tumanida yashagan 71 yoshli M.O. (erkak) hamda Yakkasaroy tumanida yashagan 51 yoshli U.P. (erkak), Olmazor tumanida yashagan 72 yoshli A.Ya. (erkak) hamda Yakkasaroy tumanida yashagan 36 yoshli F.R. (erkak) vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 220 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Kontrakt to‘lovi bo‘yicha yengilliklar
Talabalarga kontrakt to‘lovi bo‘yicha yengilliklar berildi.
Pandemiya sharoitida aholining to‘lov qobiliyati pasayishi hisobga olinib, farzandi to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan oilalarga qator yengilliklar berildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi pandemiya davrida kontrakt narxlari borasida kelib tushgan murojaatlarni inobatga olib, Moliya vazirligi bilan birga takliflar ishlab chiqdi. 2020/21 o‘quv yilida amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori uchun kunduzgi shaklda o‘qiydigan barcha talabalarga 10 foiz chegirma beriladi. Bu haqda batafsil.
Metro ishga tushadi
15 avgustdan boshlab, Toshkent metropoliteni faoliyati qayta yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent metropolitenining “O‘zbekiston”, “Chilonzor” va “Yunusobod” liniyalari doimiy ish rejimida faoliyat yuritishni boshlaydi.
Avia va temir yo‘l qatnovi
O‘zbekistonda 15-avgustdan mahalliy aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovlari boshlanadi.
Mahalliy aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovini tashkil etishda doimiy ravishda har bir aviaqatnov va temir yo‘l qatnovidan oldin tegishli havo kemasi va temir yo‘l vagonlari (shu jumladan, har bir o‘rindiqni) to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkazish hamda havosini zararsizlantirish tizimini joriy etish choralari ko‘riladi.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 20,9 milliondan oshdi, 760 ming kishi vafot etdi, 13 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (5,2 mln), Braziliyada (3,2 mln), Hindistonda (2,5 mln).