TOSHKENT, 5 avg — Sputnik. Rossiyada bu yilgi eng xavfli kasblar reytingida shifokorlar yetakchilik qildi. Ular konchi, oʻt oʻchiruvchi va harbiylarni ortda qoldirishgan. Bu haqda RIA Novosti SuperJob ish izlash servisi tadqiqotiga tayangan holda xabar qilmoqda.
Tadqiqot 296 ta aholi punktidagi ming nafar rossiyaliklarning ochiq soʻrovlari maʼlumotlariga asoslangan. Soʻrov 30 iyuldan 3 avgustga qadar oʻtkazilgan.
“Oʻtgan yillardagi shunga oʻxshash tadqiqotlar bilan taqqoslaganda, shifokorlar ilk marta xavfli kasblar reytingida birinchi oʻrinni egallashdi: avvallari ularning kasblarini 2-3 foiz rossiyaliklar eng xavfli deb atashardi, bugun esa har bir beshinchi fuqaro shunday fikrda”, - deyilgan tadqiqotda.
20 foiz rossiyaliklar bugungi kunda shifokorlar kasbining eng xavfli deb hisoblagan. 10 foiz rossiyaliklarning ishonchi komilki, hammadan koʻproq konchilar oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyadi.
Yana 8 foiz rossiyaliklarning fikriga koʻra, eng xavfli ishni oʻt oʻchiruvchilar bajarishadi. Harbiylar va FVV qutqaruvchilar ishini 6 foiz rossiyalik xavfli deb biladi.
Bundan tashqari, haydovchi, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va siyosiy arbob kasblari 4 foiz rossiyaliklarning nazarida xavfli sanaladi.
Soʻrovda ishtirok etganlarning ikki foizi uchuvchilar kasbini eng xavfli kasblardan biri ekanini aytgan. Jurnalist, oʻqituvchi va sapyor kabslari bir foiz respondentlarning fikriga koʻra xavflidir.
“Hozir tibbiyot xodimlari pandemiya sababli roʻyxatning birinchi qatorida. Shifokorlar kasbi – bu qahramonlik”, - deya keltirilgan rossiyaliklarning soʻzi tadqiqotda.