TOSHKENT, 5 avg — Sputnik. Sputnik Oʻzbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat toʻgʻrisida asosiy xabarlarni toʻpladi.
Bir sutka davomida 507 kishida koronavirus aniqlandi, Oʻzbekistonda koronavirus infektsiyasi qayd etilganlar soni 27 554 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 176 nafari Toshkent shahrida, 21 nafari Qashqadaryo viloyatida, 19 nafari Surxondaryo viloyatida, 12 nafari Toshkent viloyatida hamda yana 12 nafari Andijon viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda boʻlganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Davolanish koʻrsatkichi
Bugunning oʻzida 631 nafar bemor tuzalib, oʻz uylariga kuzatildi. Respublika boʻylab jami sogʻayganlar soni 18 682 nafarga yetdi.
Ayni paytda 8 703 nafar bemorga belgilangan standartlar boʻyicha davo choralari koʻrilmoqda. Ulardan 619 nafari ogʻir, 208 nafari esa oʻta ogʻir ahvolda.
Oʻlim holatlari
Kun davomida koronavirusga chalingan 4 nafar bemor – Toshkent shahar Sergeli tumanida yashagan 38 yoshli S.M. (erkak), Uchtepa tumanida yashagan 77 yoshli X.S. (erkak), Chilonzor tumanida yashagan 51 yoshli A.L. (erkak) hamda Toshkent viloyati Toshkent tumanida yashagan 70 yoshli A.M. (erkak) vafot etdi.
Oʻzbekistonda umumiy hisobda 169 kishi pandemiya qurboni boʻldi.
Himoya kombinezoni
Oʻzbekistonda 100% paxtali gidrofob matosiga asoslangan himoya vositalarini ishlab chiqarish boshlandi. “Cotton Road” qoʻshma korxonasi Germaniyaning “SHT GmbH” va Shveytsariyaning “CHT Switzerland AG” kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomaga binoan korxona Yevropaning soʻnggi “HeiQ Viroblock” innovatsion ishlanmasini oʻzlashtirdi.
Ushbu innovatsion texnologiya Shveytsariyada antivirus matolarni ishlab chiqarish uchun maxsus yaratilgan.
Chegarada qolganlar uchun poyezd
Samara yaqinida toʻplangan mingga yaqin oʻzbekistonlik 7 avgust kuni poyezd bilan olib ketiladi. Poyezd Samara viloyati Kinel stantsiyasiga yetib keladi. Fuqarolar chiptani oʻz hisobidan sotib olishi kerakligi toʻgʻrisida ogohlantirildi: narxi 10 ming rubl.
Kuni kecha Samara viloyatidagi RF-Qozogʻiston chegarasida migrantlar va huquq tartibot organ xodimlari oʻrtasida toʻqnashuv yuz berdi. Mojaro tezda bataraf etildi.
Dunyo salomatligi
Dunyo boʻylab infektsiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 18,5 millionga yetdi, 700 ming kishi vafot etdi, 11,1 million kishi tuzaldi. Eng koʻp holatlar AQShda (4,8 mln), Braziliyada (2,8 mln), Hindistonda (1,9 mln).