TOShKENT, 23-iyul – Sputnik. O‘zbekistonda “Aviatsiya terminlari lug‘ati” yaratish uchun allaqachon zarurat tug‘ilgan, deb xabar qilmoqda Uzbekistan airports.
Uzbekistan airports AJ boshqaruvi raisining maslahatchisi Alisher Abdurazzoqov yozishiga ko‘ra, bir necha yil oldin O‘zbekiston OAVlarida “tayyora”, “tayyoragoh”, “uchoq”, “bandargoh” kabi so‘zlarni uratish mumkin edi, lekin hozir ushbu so‘zlar umuman uchramaydi.
“Bu so‘z va atamalar tilimizga o‘rnashmadi, oddiy qilib aytganda, xalq tomonidan qabul qilinmadi. Balki bu yaxshilikkadir.”, - deydi Abdurazzoqov.
Har bir tushunchani qanday atash kerakligini Davlat tilini rivojlantirish departamenti huzuridagi Atamashunoslik komissiyasi sohaning tajribali mutaxassislari bilan hamkorlikda tegishli tadqiqotlarni amalga oshirish va xulosalarni berishlari kerak. Ularning xulosalari asosida “Aviatsiya terminlari lug‘ati” tuzilishi kerak.
“Shunda aeroportlarimizdagi ko‘rsatkich lavhalarni o‘zbekchalashtirayotganimizda “Amerikani qaytadan kashf etishimizga” hojat qolmaydi. Misol uchun, sohaga oid “aeroport”, “aerodrom” kabi ko‘plab terminlarning turkiy tildagi muqobilini topish va amalga kiritish zarurmi yo‘qmi va hokazo”, - deydi mutaxassis.
Ma’lumki, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida (ICAO) 6ta rasmiy til qabul qilingan. Bular fransuz, ispan, ingliz, rus, arab va xitoy tillaridir.
Mutaxassis fikriga ko‘ra, turkiy tilli xalqlar ham ICAOga turk tilini xalqaro aviatsiya standartiga qabul qilish borasida o‘z takliflarini berishlari mumkin. Buning uchun Turkiy tilli davlatlar kengashi qo‘llovi asosida ushbu masalani xalqaro hamjamiyat e’tiboriga olib chiqishi kerak.