TOShKENT, 22-iyul - Sputnik. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hokimligi 20-iyul kuni yuz bergan tartibsizliklar bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Eslatib o‘tamiz, sal oldin mahalliy OAVlarda Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida ekinlari suvsiz qolgan aholi Nukus-Toshkent yo‘lini to‘sib qo‘ygani haqida xabarlar e’lon qilingan edi.
Hokimlik tartibsizliklar Beruniy tumani hududidagi Qurolpa aholi manzili hududidagi katta yo‘l bo‘yida sodir bo‘lganini tasdiqlagan. Aytilishicha, mojaro tomorqalarga suv yetib bormasligi va 10 kun davomida Nayman kanaliga suv kelmaganligi tufayli yuzaga kelgan.
"Tartibsizliklar joyiga Beruniy tumani hokimi va mutasaddi rahbarlar o‘z vaqtida yetib keldi. Shu yerning o‘zida qisqa vaqt davomida masala o‘z yechimini topdi. Nayman kanaliga suv yetkazib berildi", - deyiladi xabarda.
Hokimlik aholining noroziligi o‘rinli ekanligini tan olgan holda, shu o‘rinda yana bir narsani hisobga olish zarurligini qo‘shimcha qilgan.
"Beruniy tumani qishloq ho‘jaligi bo‘yicha 13 ta hududga bo‘lingan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida bu hududlarga suv berish mushkuldir. Bu bo‘yicha navbatma-navbat sug‘orish tizimi joriy qilingan. Hozirgi kunda kunning issiqligi ham ekinlarning tez suvsizlanishini keltirib chiqarmoqda. Bunday holat sodir bo‘lganda tinch va murosa yo‘li bilan vaziyatni tushuntirsak va tushunsak maqsadga muvofiq bo‘lardi. Hozirgi dunyoda yuz berayotgan pandemiya sharoitida tinchlik, salomatlikning o‘zi katta ne’matdir. Birgina o‘ylamay qilgan harakatingiz sizu bizning tinch-totuvligimizni ko‘ralmayotgan o‘zgacha fikr egalariga qo‘l kelishi mumkin", - deyiladi xabarda.
Hokimlik ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on, asossiz va bo‘rttirilgan voqeliklarga ishonib qolmaslikni, rasmiy ma’lumotlar hokimlik saytida e’lon qilib borilishini qo‘shimcha qilgan.