TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining maydonlarini sug‘orish uchun Tojikistonning “Baxri Tochik” suv omboridan qo‘shimcha suv olinadi. Bu Vazirlar mahkamasining 2020-yil 18-iyulda qabul qilingan tegishli farmoyishida ko‘zda tutilgan.
Suv xo‘jaligi vazirligi xabarida yozilishicha, farmoyishga asosan “Baxri Tochik” suv omboridan qo‘shimcha suv chiqarishni tashkil qilish maqsadida Tojikistonga quvvati 500 l/s, suv chiqarish balandligi 10 m bo‘lgan 5 dona A50GO-0,5/10 rusumli nasos agregati, 20 dona ESV turdagi har xil nasoslar va boshqa moddiy-texnik resurslar yetkazib beriladi.
Shuningdek, nasos stansiyalarini ta’mirlash-tiklash xarajatlari qoplab beriladi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun Vazirlar mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladi.
Ushbu moddiy-texnik resurslar Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligining tegishli tashkilotiga qaytarib olmaslik sharti bilan topshiriladi.