TOShKENT, 15-iyul - Sputnik. Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolarini poyezdlar orqali ham olib kelishni boshlash kutilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 14-iyul kungi videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
"Qozog‘iston, Rossiya chegarasida turgan juda ko‘p fuqarolarimizni olib keldik. Kelganlarni hamma karantin normalariga e’tibor qilib joylashtirapmiz. Rossiyadagi fuqarolarimiz bilan ham muloqotda bo‘lib, birinchi marta temir yo‘l bilan iloji boricha tezroq vatanimizga olib kelish choralarini ko‘rapmiz", – dedi O‘zbekiston prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, sal oldin 3700 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
1 iyuldan 7-iyulgacha bo‘lgan muddatda "Jibek joli" — "G‘isht-Ko‘prik" nazorat-o‘tkazish punkti orqali 2700 nafardan ortiq fuqaro O‘zbekistonga qaytgan. Biroq yuzaga kelgan texnik muammolar tufayli Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan fuqarolarni o‘tkazish cheklangan miqdorda amalga oshirildi. Oqibatda bu holat chegarada 3000 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari to‘planib qolishiga sabab bo‘ldi.
Respublika maxsus komissiyasi, DXX Chegara qo‘shinlari va O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalarining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida 8-iyul kuni fuqarolarining Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan erkin o‘tishiga to‘sqinlik qiluvchi barcha texnik va tashkiliy masalalar tezkorlik bilan hal qilindi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil 8-iyul kuni kechqurun va 9-iyul kuni "Jibek joli" – "G‘isht-Ko‘prik" nazorat-o‘tkazish punktidan 3746 nafar fuqarolar o‘tkazildi.
O‘zbekiston fuqarolari qaytib kelgandan keyin Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga qat’iy rioya qilgan holda 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.