TOShKENT, 14-iyul - Sputnik. Qozog‘iston mudofaa vazirining o‘rinbosari Baqit Kurmanbayev 50 yoshida vafot etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
“2020 yil 14-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari, general-mayor Kurmanbayev Baqit Januzakovich vafot etdi”, - deyiladi Mudofaa vazirligi saytidagi xabarda.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Kurmanbayev Aris shahridagi arsenal portlashi oqibatlarini bartaraf etishda salmoqli hissa qo‘shgan, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashning dastlabki kunlaridan boshlab u infeksiyaning tarqalishiga qarshi chora-tadbirlarni tashkil qilish va ta’minlashda faol ishtirok etgan.
Kurmanbayev 1993-yilda Al-Forobiy nomidagi Qozoq davlat universitetini tamomlagan. 2005-yilda Rossiya Federatsiyasi Quruqlikdagi kuchlari Qo‘shinlar harbiy havo mudofaasi Harbiy akademiyasida tahsil olgan, 2008-yilda esa Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Harbiy akademiyasining Oliy akademik kurslarini tamomladi.
U turli yillarda Mudofaa vazirligida rahbarlik lavozimlarni egallab keldi, shuningdek, Qozog‘iston Xavfsizlik kengashining harbiy xavfsizlik va mudofaa bo‘limini boshqargan.
2019 yil aprel oyida general-mayor Kurmanbayev mudofaa vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi, u moddiy-texnik ta’minot, harbiy-sanoat kompleksi bilan hamjihatlik, qurol-yarog‘ va harbiy texnika, shuningdek, tibbiy ta’minot masalalarini boshqargan.