TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. 15 iyul kuni “Davlat xizmatchilari aktivlarini deklaratsiyalashning zamonaviy mexanizmlari” mavzusidagi veb-konferensiya o‘tkaziladi.
Onlayn o‘tkaziladigan konferensiyada yaratilishi lozim bo‘lgan qonunning konseptual g‘oyalari, xorijiy davlatlar yondashuvi, ijobiy va muvaffaqiyatsiz tajribalar, deklaratsiya qilish tizimini joriy etish konsepsiyasi va bosqichlari va boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi.
Prezident farmoniga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining asosiy vazifalaridan biri etib davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va samarali faoliyat ko‘rsatishini hamda deklaratsiyalarning haqqoniyligi tekshirilishini tashkil etish, shuningdek ushbu jarayonda aniqlangan korrupsiya holatlariga o‘z vaqtida ta’sir choralari ko‘rilishini ta’minlash belgilandi.
Agentlik Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda uch oy muddatda “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqilishi belgilangan.