TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. COVID-19 ning alomatsiz shakli bilan kasallanganlarni uy sharoitida davolash va epidemiologik surishtiruv o‘tkazish tartibi belgilandi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i qabul qilingan.
Buyruqqa ko‘ra, quyidagilar tasdiqlangan:
- COVID-19 kasalligining alomatsiz shakli bilan kasallangan fuqarolarni uy sharoitida davolash va epidemiologik surishtiruv o‘tkazish tartibi;
- COVID-19 kasalligining alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarni uy sharoitida davolashga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududlarga biriktirilgan xodimlar ro‘yxati;
- Ma’muriy hududlardan COVID-19’ning alomatsiz shakli bilan kasallanganlarning 10 kunlik tibbiy kuzatuvi monitoringi hisobot shakli;
- Koronavirus aniqlangan bemorlar to‘g‘risidagi ma’lumot shakli.
Vazir buyrug‘iga asosan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani hamda hududlarning vaqtinchalik karantinga moslashtirilgan majmualarida COVID-19’ning alomatsiz shakli bilan kasallangan, ushbu hudud ro‘yxatida turmaydigan fuqarolar yashash manziliga yuborilmasdan, COVID-19 ni davolashga moslashtirilgan muassasalarda 10 kun davomida kuzatuvi va davolanishi tashkil etiladi.
COVID-19 ning alomatsiz shakli bilan kasallangan fuqarolar o‘z xohishiga ko‘ra statsionar sharoitda davolanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar SSBB va viloyatlar SSB boshliqlari va hududiy SEOM rahbarlariga quyidagi vazifalar yuklatilgan:
- 2020-yil 5-iyul kunidan boshlab COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarni belgilab berilgan sxema asosida tuman/shaharlarda tashkil etilgan mobil guruh (SEOM vakili, infeksionist, UASh) tomonidan saralash va uyda davolash uchun yetarli sharoit bor deb hisoblangan fuqarolarni belgilangan tartib asosida birlamchi tibbiy-sanitariya tizimi muassasalari nazoratida 10 kun davomida uy sharoitida tibbiy kuzatuvi va davolanishini yo‘lga qo‘yish;
- yashash sharoiti sanitariya-epedimologik talablarga javob bermagan holatlarda, yakkalash imkoniyati bo‘lmaganida, bemorlarni COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan muassasalarga joylashtirish;
- hududiy mahalla fuqarolari yig‘inlari bilan hamkorlikda uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan bemorlarni karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tegishli ishlarni olib borish va qat’iy nazorat o‘rnatish;
- 2 kun muddatda COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarni uyda davolash va epidemiologik surishtiruv o‘tkazish tartibini har bir birlamchi tibbiy sanitariya bo‘g‘ini muassasalari (QVP, QOP, OP, KTMP), tez tibbiy yordam xizmati hamda SEOM xodimlariga yetkazib, mohiyatini har tomonlama tushuntirish maqsadida onlayn o‘quv seminarlari tashkil etish;
COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallanganlarning kunlik hisobotlarini alohida olib borish va taqdim etish.